Andijon viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ommaviy sportni rivojlantirish va olimpiya harakatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq fuqaro muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu ko‘rsatkichni 15 million nafarga yetkazish maqsadida ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallalarda «Mahalla ligasi», «Maktab ligasi», «Talabalar ligasi», «Vazir kubogi» va «Kasaba uyushmalari kubogi» kabi yirik musobaqalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Joriy yil 13-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari yosh sportchilarni saralash va tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Mazkur vazifalarga muvofiq sport seleksiyasi, sport ta’limi hamda olimpiya tayyorgarligi tizimini kompleks modernizatsiya qilish ishlari boshlandi.
Hududlarda faoliyat yuritayotgan 254 ta sport maktabi hamda 56 ta ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi ushbu islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ular milliy terma jamoalar uchun sportchilar tayyorlashning asosiy markazlariga aylanadi.
Istiqbolli yosh sportchilarni tanlashda ularning antropometrik ko‘rsatkichlari va jismoniy salohiyatiga alohida e’tibor qaratiladi. Sportchilar tayyorgarligi sifatini oshirish maqsadida yiliga ikki marta «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» musobaqalari o‘tkaziladi.
Hududiy bosqich g‘oliblari har yili dekabr oyida Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadigan «Prezident Olimpiadasi»da ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sovrindorlar uchun uy-joy, avtomobil hamda Respublika olimpiya va paralimpiya markazlarida tahsil olish huquqi kabi salmoqli rag‘batlantirish choralari nazarda tutilgan.
Prezident sport ta’limining samarali vertikal tizimini shakllantirish, zamonaviy tayyorgarlik usullarini joriy etish hamda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash maqsadida sport maktablari faoliyati sifatini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Leave a Reply