O‘zbekistonda ikkita sport mahorati maktabi tashkil etilmoqda

Iqtidorli sportchilarni tayyorlash, mahalliy sportchilar — Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va sovrindorlarining faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida Prezident Bahodir Jalolov nomidagi boks va Oksana Chusovitina nomidagi gimnastika bo‘yicha sport mahorati maktablarini tashkil etishni nazarda tutuvchi ikkita qarorni imzoladi. Ikkala maktab ham Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida tashkil etiladi. Maktablarning asosiy vazifalari: · zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan, zarur sport anjomlari va jihozlari bilan jihozlangan moddiy-texnik va o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish; · Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar va boshqalar kabi turli darajadagi xalqaro va hududiy musobaqalarda O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qila oladigan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash; · chet davlatlarning yetakchi mutaxassislarini ham jalb etgan holda, yuqori malakali murabbiy-mutaxassislar, psixologlar va uslubchilarni keng jalb qilish orqali murabbiylar tarkibini mustahkamlash; · bokschilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or tajribani hisobga olgan holda o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga eng so‘nggi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish orqali ularning nazariy va texnik-taktik tayyorgarligi sifatini muntazam oshirib borish; · bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya zaxirasi kollejlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish. Maktablar 2022/2023 o‘quv yilidan faoliyatini boshlaydi. Boks maktabining umumiy o‘quvchilar soni 5–11-sinf o‘quvchilaridan iborat 175 nafarni, gimnastika maktabiniki esa 1–11-sinf o‘quvchilaridan iborat 165 nafarni tashkil etadi. O‘quvchilarga umumta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim ularga eng yaqin umumta’lim maktablarida olib boriladi.

Maktablarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat: · davlat byudjeti mablag‘lari; · maktablar faoliyati ixtisosligi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotishdan olingan daromadlar; · foydalanilmayotgan mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar; · yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ajratmalari; · qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar. Boks va gimnastika maktablarini tashkil etish va jihozlash uchun davlat byudjetidan har biriga 25 milliard so‘mdan ajratiladi.


Posted

in

by

Comments

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *