Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni «Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Kamondan otish sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilangan: iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning yangi tizimini yaratish, shuningdek ularni professional sportchi sifatida tayyorlash; professional sportchilar, malakali murabbiylar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash va professional rivojlantirish; jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun parakamondan otish sport turi bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaratish; respublika va xalqaro musobaqalar, turnirlar va jahon chempionatlarini doimiy asosda tashkil etish va o‘tkazish; va boshqalar. Hujjatda har bir bolalar-o‘smirlar sport maktabida va har bir olimpiya zaxirasi kollejida (jumladan yangi maktab va kollejlarda) kamondan otish bo‘yicha bo‘lim va shu’balar ochish nazarda tutilgan. 2022—2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi ochiladi. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab mamlakatda har yili quyidagilar o‘tkaziladi: Toshkentda — «Alpomish va Barchinoy» xalqaro turniri; Samarqandda — ayollar orasida «Tumaris kubogi» xalqaro turniri; Buxoro, Qo‘qon, Samarqand, Xivada — «Turizm va kamondan otish haftaligi», uning doirasida sportchilar va turistlar orasida kamondan otish turnirlari, shuningdek master-klasslar, uchrashuvlar va sayllar. Hujjatda shuningdek Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent hokimlariga har bir hudud tumanlaridan (shaharlaridan) birida kamondan otishni ustuvor sport turi sifatida belgilash, uni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish topshirilgan. Bundan tashqari, qarorda O‘zbekiston Kamondan otish federatsiyasining hududiy bo‘linmalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Manba: gazeta.uz
O‘zbekistonda kamondan otish rivojlantiriladi
by
Tags:
Leave a Reply